Kaliforniya san'at instituti bilan hamkorlik

Bolalar kontentini rivojlantirish markazi direktori Jahongir Ahmedov boshchiligidagi delegatsiyasi Gollivud safari davomida dunyo kino san'atida yuksak ijodkorlar kamol topgan nufuzli Kaliforniya san'at instituti rahbariyati bilan uchrashuv o'tkazdi.

2025-yil 30-sentabr

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik yo'nalishlari muhokama qilindi. Xususan, Tim Burton kabi afsonaviy kinoijodkorlar yetishib chiqqan mazkur institut bilan ta'lim sohasida hamkorlikni yo'lga qo'yish, o'zbek mutaxassislari uchun maxsus yozgi maktab dasturlarini tashkil etish masalalari ko'rib chiqildi.

California Institute of the Arts (CalArts) — AQSHning Kaliforniya shtatidagi Santa-Klarita shahrida joylashgan xususiy, nufuzli oliygoh bo'lib, 1961-yili Uolt Disney tashabbusi bilan tashkil etilgan. Institut san'at sohasidagi ilg'or, tajribaviy yondashuvlari bilan mashhur bo'lib, unda talabalar san'at, raqs, kinematografiya, musiqa, teatr va tanqidiy fikrlash yo'nalishlari bo'yicha tahsil oladi.

CalArts o'zini nafaqat ta'lim muassasasi, balki erkin ijod maydoni sifatida ko'radi — bu yerda talabalarga kreativ g'oyalarini erkin ifoda etish, turli san'at turlarini uyg'unlashtirish va yangicha tajribalar o'tkazish imkoni beriladi.

Bugungi kunda CalArts san'at ta'limida dunyodagi eng ta'sirli maktablardan biri hisoblanadi. Ushbu institutdan bitirganlar orasida Disney va Pixar kabi yirik studiyalarda ishlayotgan yo'nalish yetakchilari, mashhur rassomlar, kinoijodkorlar va musiqachilar bor.

Hero background image