“Brainrot” o‘yinlari va Roblox'dagi xatarli tijorat

So‘nggi yillarda “Brainrot” deb ataluvchi miyani “chirituvchi” kontent – ma’nosiz, tez va dofaminga bog‘liq videolar, memlar va o‘yinlar bolalar ongiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Roblox
“Brainrot” o‘yinlari va  Roblox'dagi xatarli tijorat

Miyani chirituvchi kontentning mohiyati

YouTube Shorts va TikTok orqali tarqalgan Skibidi Toilet, Trallalelo trallala, Ballerina cappuccino kabi videolar bolalarda diqqatni yo‘qotish, hissiy inqiroz va bog‘liqlik holatini keltirib chiqarmoqda. Bu holat Roblox platformasi orqali yangi shaklga — “breynrot” o‘yinlariga aylandi. Ularda bolalar virtual personajlar va aytemlarni Robux orqali sotib olishadi. Bu virtual buyumlar obro‘ ramziga aylanib, natijada bolalar tengdoshlar orasida raqobatga va iste’molchilik bosimiga tushmoqda.


Dastlab, YouTube va TikTok algoritmlari SI generatsiyalangan breynrot memlarni tomoshabinni jalb qilish uchun tarqata boshladi. Natijada Trallalelo trallala kabi mem va videolar 2024 yildayoq millionlab bolalar orasida virusga aylandi. Memlarning absurd – bema’niligi bolalarni hazil sifatida jalb qiladi, ularni takror ko‘rish esa dofamin garmoniga qaramlikni keltirib chiqaradi. 2025 yilga kelib ushbu memlar va videolar millionlab ko‘rishlarga erishgach, bu holat Roblox o‘yin ishlab chiqaruvchilarini ilhomlantirdi. Roblox'ning o‘yin yaratuvchilari Roblox Studio orqali breynrot personajli o‘yinlar yarata boshladi. Ular katta tezlikda ommalashib, Brainrot Obby o‘yinlari o‘yinchi soni 100+ millionga yetdi.

O‘yinlardagi breyrot personajlarni Robux orqali sotish foyda keltirib, monetizatsiya avj oladi. Eng yomoni bolalar ularni trendda bo‘lish, ijtimoiy status uchun sotib ola boshgani bo‘ldi, chunki Roblox'da qancha ko‘p breynrot personajlari bo‘lsa, bolaning obro‘si tengdoshlari orasida shuncha yuqori bo‘ladi. Shuning uchun ham breynrot personajlar maktab o‘quvchilari orasida almashtirilishi yoki sotilishi urf bo‘lib, bu ular o‘rtasida iste’molchilik va raqobatni oshiradi. Butun bir zanjirdan iborat yuqoridagi holat natijasida bolalarning ijtimoiy vazifalarga e’tibori pastlashi, o‘qish samaradorligi tushishi yaqqol namoyon bo‘la boshladi.




Breynrot personajlarning sotilishi

Xozirda Roblox'da skinlar, avatarlar shaklidagi Brainrot personajlar faol ravishda Robux o‘yin valyutasiga sotiladi. Masalan, Balerina cappuccino avatari 100-500 Robux turadi (taxminan 1-5$ atrofida). Odatda maktab o‘quvchilari orasida bu personajlar maxsus status sifatida sotiladi yoki almashtirilsada, Telegram'dagi guruhlar orqali ba’zan real pulga ham sotilmoqda. Roblox'ning 2025 hisobotiga ko‘ra, breynrot temali aytemlar savdosi 30% o‘sgan.

Nima sababli bolalar, ayniqsa o‘smirlar bunga shunchalik berilgan?

Bunga avvalo erishiladigan o‘ziga xos ijtimoiy maqom sababchi bo‘lib, u eng asosiy harakatlantiruvchi kuchdir. Qimmat va noyob Limited aytemga ega bo‘lish – raqamli dunyoda qimmatbaho brend kiyimni kiyish yoki qimmat sport mashinasini haydash bilan barobar. Bu bolaning tengdoshlari orasidagi ishbilarmonlik yoki ustomonlik darajasini belgilaydi. “Brainrot” personajining o‘zida hech qanday qiymat yo‘q, lekin agar u noyob va qimmat aytemga aylansa, u o‘smirlar orasida maxsus maqom ramziga aylanadi. Bolalar o‘z avatari orqali o‘zlarining qiziqishlarini, fe’l-atvorini va kimligini namoyon qilishadi. Trenddagi aytemni kiyish – “men ham zamonaviyman” deyishning bir usuli bo‘lib, “kimning avatari qimmatroq?”, “kimda noyobroq aytem bor?” kabi savollar bolalar o‘rtasida doimiy raqobat muhitini yaratadi.

Agar Brainrot, Robloxda bema’nilik va zo‘ravonlikni normallashtirish, qadriyatlar inqirozi tarqoq kasallik alomatlari bo‘lsa, YouTube bu alomatlarni bir-biriga bog‘lovchi, ularni kuchaytiruvchi va tarqatuvchi tizimdir.

 



Milliy kontent bilan muqobil yechimlar

Ota-onalar va bolalar uchun “Breynrot” xavfi, Roblox’dagi tijorat mexanizmlari va raqamli xavflar haqida oddiy, qiziqarli va tushuntiruvchi videolar tayyorlanishi lozim. Ularda bolalarni virtual aytemlar orqali emas, haqiqiy ijod, bilim va mehnat orqali yutuqqa erishish g‘oyasi ilgari surilishi kerak.

Bolalarni ijodga yo‘naltirish maqsadida “Milliy qahramonlar dunyosi”, “Qo‘rquvsiz o‘yinlar”, “Mening milliy avatarim” kabi onlayn tanlovlar o‘tkazish ham mumkin. Bu orqali bolalarda milliy faxr tuyg‘usi kuchayadi. Shuningdek, milliy o‘yinlar yaratish bilan shug‘ullanuvchi yosh dasturchilar va animatorlar uchun maxsus grantlar ajratilishi maqsadga muvofiq.

Milliy ishlab chiquvchilar uchun ochiq kodli, xavfsiz va ta’limiy o‘yin muhiti yaratish muhim. Masalan, milliy o‘yinlar yaratuvchilarni qo‘llab quvvatlash orqali bolalar nafaqat o‘yin o‘ynash, balki o‘zi yaratgan o‘yinlarni taqdim etish imkoniga ega bo‘ladi. Bu bolalarda ijodiy tafakkurni, dasturlash ko‘nikmasini va o‘z mahsulotiga mas’uliyat hissini rivojlantiradi.

“Brainrot” va “Roblox” kabi raqamli muhitlar bolalar ongini iste’molchilik va raqobat asosida qayta qurmoqda. Bu jarayonni to‘xtatish uchun faqat cheklash choralari emas, balki qiziqarli va ma’naviy jihatdan kuchli milliy kontent yaratish zarur. Milliy o‘yinlar, strimlar va interaktiv videolar orqali bolalar uchun yangi, sog‘lom raqamli madaniyatni shakllantirish bugungi avlod kelajagi uchun strategik vazifadir.

Hero background image