Netflix’da bolalar kontenti

Oktyabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda Bektosh Xatamov degan jamoatchilik faoli “Netflix” platformasi haqida quyidagicha post e’lon qildi. Postda u Netflixdan 6 yillik a’zoligidan voz kechishini aytadi. Sabab sifatida farzandlarining tomosha qilayotgan bolalar filmlari va multfilmlarida “bir jinsli hayotga chorlov” elementlari borligini ilg‘agan. U keltirgan misolda “Netflix”dagi bir filmdagi o‘smirlarning o‘zaro suhbatida bir erkak “mening oyim Ben” deb tanishtiriladi, bu bolalar tomonidan bir jinsli ota-onalar bo‘lishini oddiy hol deb tushunishga olib kelishini ta’kidlaydi. Uning fikricha, bu yumshoq kuch orqali bolalar miyasiga salbiy ta’sir qiladi. U o‘zining anchayin tolerant inson ekanini, ammo bolalarni aqli va qalbini himoya qilish bundan ham muhimligini urg‘ulaydi. Post ota-onalarga Netflix haqida qayta o‘ylab ko‘rishni maslahat beradi.

Netflix
Netflix’da bolalar kontenti

Netflix platformasi misolida

“yumshoq kuch”

Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra (American Psychological Association, 2022), 5-12 yosh bolalar OAV orqali ijtimoiy normalarni o‘zlashtiradi va agar kontent bola mansub bo‘lgan milliy-madaniy qadriyatlarga zid bo‘lsa, bu emosional noqulaylikka olib kelishi mumkin. Bir jinsli oila va ota-onalik elemenlari haqiqatan Netflix'ning bolalar kontentida, masalan, “The Mitchells vs. the Machines”( “Mitchellar oilasi mashinalarga qarshi”) yoki “The Willoughbys” (“Villougbilar”) kabi filmlarda ochiqchasiga mavjud. Pew Research(2023) sayti ma’lumotiga ko‘ra, faqat AQSHning o‘zida ota-onalarning 40 foizi bolalar kontentidagi LGBTQ+ elementlaridan xavotirda ekanini bildirgan.

Bugungi raqamli dunyoda Netflix kabi global striming platformalari shunchaki vaqtichog‘lik vositasi bo‘lib qolmay, balki kuchli “yumshoq kuch” manbaiga aylandi. Ular orqali tarqalayotgan madaniy qadriyatlar, ayniqsa, O‘zbekiston kabi an’anaviy jamiyatlarda oilaviy tarbiya va milliy qadriyatlar borasida jiddiy bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.


Gʻarb mediasining “reprezentatsiya” va “inklyuzivlik” tamoyillari. Qadriyatlar to‘qnashuvi

Ko‘pgina o‘z milliy qadriyatlar tizimiga ega davlatlarda bolalar uchun mo‘ljallangan turli kontentlar, jumladan multfilmlardagi bir jinsli oila modeli kabi elementlarga “yumshoq kuch”ning nozik, ammo kuchli ko‘rinishi sifatida qaralmoqda. Bunday sahnalar bolalar ongiga begona qadriyatlarni normal holat sifatida sezdirmasdan singdiradi. Bu jarayon psixologiyada “Cultivation Theory” – “Yetishtirish nazariyasi” deb ataladi, ya’ni media biror hodisani qancha ko‘p va oddiy tarzda ko‘rsataversa, tomoshabinlar real hayotni ham shunday qabul qila boshlaydi. Ayniqsa, tahliliy fikrlash qobiliyati hali to‘liq shakllanmagan bolalar bunday ta’sirga o‘ta moyil bo‘ladi.

Netflix va boshqa Gʻarb mediakompaniyalari esa yuqoridagi kabi jarayonlarni “tashviqot” yoki “singdirish” emas, balki “reprezentatsiya” va “inklyuzivlik” deya nomlab, liberal qadriyatlarga mos keladigan normal holat sifatida e’tirof etadilar. Bu yondashuv jamiyatdagi turli irq, millat, jismoniy holat va noan’anaviy jinsiy oriyentatsiya vakillari kabi barcha guruhlar ekranda o‘z aksini topishi kerak, degan g‘oyaga asoslanadi. Ularning argumentiga ko‘ra insonlar jamiyati xilma-xildir. Dunyoda faqat an’anaviy oilalar emas, balki turli oila modellari mavjud. Bunday oilalarda o‘sayotgan bolalar ekranda o‘zlariga o‘xshash qahramonlar ham mavjud ekanini ko‘rib, o‘zlarini yolg‘iz yoki “noto‘g‘ri inson” sifatida his qilmasligi kerak.

Shunday qilib, bir tomon uchun qadriyatlarga tahdid bo‘lib ko‘ringan hodisa, ikkinchi tomon uchun jamiyatdagi xilma-xillikni aks ettirish va tenglikni targ‘ib qilish hisoblanadi. Bu ikki qarama-qarshi dunyoqarash globallashuvning tabiiy oqibati bo‘lib, global media-platformalarning “yumshoq kuchi” va milliy-madaniy qadriyatlar o‘rtasidagi muqarrar to‘qnashuvni zamonamizning eng nozik masalalaridan biri sifatida kun tartibiga olib chiqdi. Muammo yaxshi va yomon o‘rtasidagi kurash emas, balki ikki xil dunyoqarash to‘qnashuvidadir. Bir tomonda universal inson huquqlari va individual erkinlik, ikkinchi tomonda esa madaniy o‘ziga xoslik va an’anaviy qadriyatlarning muqaddasligi turadi.


Taqiqlash yoki boshqarish? Ota-onalar uchun yo‘l xaritasi

Global medianing ta’siri oldida ota-onalar ikki asosiy yo‘ldan birini tanlashi mumkin: to‘liq ta’qiqlash yoki faol boshqarish.

Birinchi yo‘l to‘liq ta’qiqlash. Bu qat’iy, ammo cheklangan yechim bo‘lib, Netflix, YouTube kabi platformalardan butunlay voz kechishni nazarda tutadi. Bu o‘z oilaviy qadriyatlarini himoya qilishga qaratilgan aniq va tushunarli qadam bo‘lib, alohida vaziyatda muammoni tez va samarali hal qilgandek tuyulishi mumkin. Ammo bu yondashuv bolaga murakkab axborot oqimida mustaqil fikr yuritishni, ya’ni mediasavodxonlikni o‘rgatmaydi. Raqamli dunyo ta’siridan esa qochib bo‘lmaydi. Netflix'ni o‘chirish muammoni vaqtincha hal qilgandek tuyulsa ham, ammo raqamli avlod bolalari axborotni o‘nlab boshqa manbalardan – YouTube, TikTok, Instagram, Roblox va boshqa ijtimoiy tarmoq hamda o‘yin platformalaridan bemalol olaveradi. Mashhur “Kalmar o‘yini” seriali bunga yaqqol misol. Ko‘pgina mamlakatlarda 15+ yosh chekloviga ega bo‘lishiga qaramay, uning obrazlari va syujetlari o‘yinlar orqali kichik yoshdagi bolalar orasiga ham kirib bordi. Bu shuni anglatadiki, raqamli dunyodan ajratuvchi devor qurish o‘rniga, bolalarga bu dunyoda adashmaslik uchun o‘ziga xos ma’naviy kompas berish muhimroq.

Ikkinchi yo‘l faol boshqaruv bo‘lib, u aqlli va uzoq muddatli strategiyadir. Bu yondashuv texnologiyalardan voz kechish o‘rniga ularni ongli ravishda boshqarishni taklif qiladi. internetmatters.org kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar ota-onalarga aynan shu yo‘lni tavsiya qiladi. Netflix'ning o‘zida buning uchun bir nechta kuchli vositalar mavjud:

Ota-ona nazorati. Profillarni yoshga moslash – har bir bola uchun uning yoshiga mos (masalan, 7+, 13+) profil yaratish va uni PIN-kod bilan himoyalash. “Kids” profili kontentni avtomatik ravishda qattiq filtrlaydi.

Ma’lum filmlarni bloklash. Agar aynan biror film yoki multfilm sizning qadriyatlaringizga zid bo‘lsa, butun platformadan voz kechmay, faqat o‘sha kontentni bolaning profilidan bloklab qo‘yish mumkin.

Tomosha tarixini kuzatish. Farzandingiz nimalarni ko‘rayotganini muntazam tekshirib turish va nomaqbul holatlar aniqlansa, bu haqida u bilan suhbatlashish.

Myediasavodxonlikni rivojlantirish. Myedia-savodxonlik va tanqidiy tafakkur eng muhim va uzoq muddatli xavfsizlik strategiyasidir.  Bolaga ko‘rayotgan har qanday kontentiga “Bu filmdagi qahramonlar hayotdagi odamlarga o‘xshaydimi?”, “Bu bizning oilaviy qadriyatlarimizga mos keladimi?” kabi savol berishni o‘rgatish kerak. Bunday yondashuv bolani passiv iste’molchidan faol, ongli tomoshabinga aylantiradi. Ota-ona o‘z pozisiyasini, oilaviy qadriyatlarni tushuntirishi, ayni paytda farzandining fikrini ham eshitishi kerak. Bunday muloqot oilada ishonchni mustahkamlaydi va bola har qanday tushunmovchilikka duch kelganda javobni internetdan emas, ota-onasidan izlaydigan muhit yaratadi.


Hero background image