Zulfiqor Musoqov “Sehrlandiya”ni yuqori baholadi
Taniqli rejissor Zulfiqor Musoqovning ta’kidlashicha, har qanday asarni baholashda birinchi besh daqiqa hal qiluvchi hisoblanadi. “Sehrlandiya” boshlanishidanoq e’tiborni tortdi — u bolalarni o‘ziga jalb qila oladi”, — dedi u.
2025-yil 17-dekabr
Bolalar kontentini rivojlantirish markazi Ekspertlar kengashining 16-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida “Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi” multfilmi kengash a’zolari tomonidan bir ovozdan ma’qullanib, namoyishga tavsiya etilgan edi.
Kengash a’zosi, O‘zbekiston xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Zulfiqor Musoqov multfilmni ko‘rishdan avval uning qanchalik yaxshi chiqqani bo‘yicha xavotlrlari bo‘lgani, ammo namoyishdan so‘ng fikri juda ijobiy ekanini ta’kidladi.
“Film boshlanishidan oldin xayolimdan o‘tdi: “Ishqilib yaxshi narsa chiqqan bo‘lsin. Men dangalchi odamman — yomon asar bo‘lsa, shartta aytib, ijodkorlarni xafa qilib qo‘yamanda…”. Multfilmni ko‘rgach, fikrim juda ijobiy bo‘ldi”, — dedi u.
“Aslida har qanday asarni baholashda birinchi besh daqiqa hal qiluvchi hisoblanadi. O‘sha besh daqiqada tomoshabinni ushlab tura olsa, bunday film oxirigacha ko‘riladi. “Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi” boshlanishidanoq tortdi: yorqin ranglar, quvnoq qahramonlarning chiqib kelishi — hammasi bolalarni jalb qila oladi”, — deya qo‘shimcha qildi rejissor.
Zulfiqor Musoqov “Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi” filmi ustida ishlagan barchani tabrikladi: “Yoshlar katta ish qilishdi, ularni qo‘llab- quvvatlash kerak. Multfilm ustida ishlagan barcha ijodkorlarni yaxshi asar bilan tabriklayman”.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistondagi ilk to‘liq metrajli 3D formatdagi “Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi” multfilmi premerasi 25-dekabr kuni O‘zbekiston Milliy kino saroyida bo‘lib o‘tadi.

