“Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi” multfilmining premyerasi bo‘lib o‘tdi

Bolalar kontentini rivojlantirish markazi buyurtmasiga asosan “Lola Animation” studiyasi tomonidan Markaziy Osiyoda ilk bor 3D formatda ishlab chiqilgan to‘liq metrajli “Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi” animatsion filmining taqdimoti 19-dekabr kuni Toshkentdagi O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida bo‘lib o‘tdi.

2025-yil 19-dekabr

“Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi” multfilmining premyerasi bo‘lib o‘tdi

Film taqdimotida ijodiy jamoa, mahalliy va xalqaro media vakillari, xususan, The Walt Disney Company vitse-prezidenti, sakkiz karra “Emmy Award” xalqaro televizion mukofoti sovrindori Hayma Vashington, shuningdek, soha mutaxassislari, madaniyat va san’at namoyandalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.


“Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi” animatsion filmi 5 yoshdan katta bolalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, fantastik sarguzasht janrida, zamonaviy xalqaro animatsiya standartlari talablariga muvofiq ishlangan. Loyiha yosh avlod tarbiyasida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ma’naviy-ma’rifiy g‘oyalarni qamrab oladi va keng tomoshabinlar auditoriyasi uchun mos.


Filmning g‘oyaviy yo‘nalishi do‘stlik, jamoaviylik, jasorat, insof, mas’uliyatni his etish, yovuzlikka qarshi birlashib kurashish va insonparvarlik kabi umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etishga qaratilgan. O‘zbek tilidagi ushbu asar, taniqli kinoarboblar ta’kidlaganidek, milliy ruh va tarixiy merosimizga mos ravishda yaratilgan.


To‘rt do‘st – Temur, Ulug‘bek, Bobur va Jaloliddin tasodifan sehrli portal orqali ixtirochi Zamonning qarorgohiga tushib qoladi. Shu fursatdan ularning Sehrlandiyadagi sirli sarguzashtlarga boy sayohati boshlanadi. U yerda bolalar vaqt mashinasini o‘g‘irlab, olamga egalik qilmoqchi bo‘lgan yovuz Olabo‘ji hamda uning qo‘shiniga qarshi kurashadi.


Film qahramonlariga Abdurahim Abdukarimov (Jaloliddin), Ulug‘bek Shodibekov (Temur), Jahongir Xo‘jayev (Bobur), Badriddin Husniddinov (Ulug‘bek), Sobirjon Rahimjonov (Bobo), Shahzoda Muhammedova (Bibi), Behzod Muhammadkarimov (Zamon), Boir Xolmirzayev (Olabo‘ji), Alisher Uzoqov (Bo‘ji) va boshqalar ovoz bergan.


Filmning vizual va texnik yechimlari zamonaviy animatsiya talablariga to‘liq mos holda ishlangan. Sehrli olamlar, texnologik muhit, rang-barang landshaftlar va dinamik sahnalar orqali yuqori darajadagi vizual effektlar yaratilgan. Audio va musiqiy yechimlar yosh tomoshabinlarning psixologiyasi va qabul qilish xususiyatlariga muvofiq ishlangan. Uning ovoz effektlariga Hindistondagi mashhur “Jam8 Studio” tomonidan ishlov berilgan.


Mazkur animatsion film bolalarda ijobiy qahramonlik obrazini shakllantirish, o‘z-o‘ziga ishonch, fidoyilik, ezgulikka intilish, Vatanga muhabbat va jamiyat oldidagi mas’uliyat hislarini kuchaytirishga xizmat qiladi. Film oila davrasida, ta’lim muassasalarida va bolalar markazlarida tomosha qilish uchun tavsiya etiladigan ma’rifiy mahsulot sifatida ahamiyatga ega.


Multfilm bilan birga uning mavzusidagi yondosh mahsulotlar — raqamli o‘yin, bolalar uchun kitob va tematik suvenirlar ham ishlab chiqilgan bo‘lib, ular loyihaning kompleks targ‘ibot va media yo‘nalishlarini kengaytirishga xizmat qiladi.


Ma’lumot uchun, “Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi” multfilmi 25-dekabrdan yurtimiz kinoteatrlarida namoyish etila boshlaydi. “Sehrlandiya”ning treyleri va saundtreki bilan uning YouTube’dagi rasmiy sahifasida tanishish mumkin.

Hero background image